Yakunlanib borayotgan 2008 yil yurtboshimiz I.A. Karimov tomonlaridan "Yoshlar yili" deb e'lon qilingan edi. Ushbu yilda davlatimiz tomonidan yoshlarimizga yuksak e'tibor bilan qaraldi,-desak aslo adashmaymiz. 2008 yilda nafaqat yurtimizda, balki jahonning ko'plab mamlakatlarida yoshlarimiz ishtirokidagi madaniyat tadbirlari o'tkazildi. Albatta bu tadbirlarda "O'zbegim yoshlari" guruhining hissasi juda yuqori...
Kuni kecha ushbu guruh, poytaxtimizda joylashgan "Turkiston" san'at saroyida o'zining yillik hisobot konsert dasturini taqdim etdi. Konsert dasturini guruhning 2 lobar qizlari olib borishdi. Dastur rejissori va "O'zbegim yoshlari" guruhining badiiy rahbari Lutfiya Ro'ziboeva.
Konsertni yosh xonandalardan biri Nargiz o'zining "18 ga kirmagan kim bor?" taronasi bilan ochib berdi. Undan so'ng "O'zbegim yoshlari" guruhining a'zolari Maqsuda Usmonova va Umida Xojievalar davom ettirishdi. Shundan keyin Nafisa Xojieva sahnaga chiqib, fortopianoda go'zal musiqa ijro etdi. Saroyga yig'ilgan barcha tomoshabinlar gulduros qarsaklar bilan olqishlab turishdi. Tashrif buyurgan mehmonlar guruh a'zolarining jonli ijroda kuylayotganliklarini ko'rib qoyil qolishdi. Boshlovchi Kamola sahnaga opera ijrochisi Milena Matmusaevani taklif qildi. O'z navbatida u ham nimalarga qodir ekanligini namoyish qildi. Ushbu chiqishdan so'ng, respublikamiz viloyatlarining kuyu-qo'shiqlariga navbat berildi. Shunisi e'tiborga molikki, milliy yo'nalishda Belgiya davlatida kuch sinashgan Farhod Qambarov buyuk xofiz Orif Alimahsumov ijrosidagi "So'lim" taronasini o'z holicha kuyladi. Bu Farhod uchun juda katta yutuq albatta. Chunki bu qo'shiqni hali hech kim aslicha ijro eta olmagan edi. "So'lim" taronasidan so'ng, "O'zbegim yoshlari" guruhining boshqa a'zosi Omadjon Ahmadjonov sahnaga ko'tarildi. Maqsuda Usmonova va Suhrobbek Hamdamovlar esa teatrlashtirilgan duet tarona kuylashdi. Konsert dasturida eng ko'p e'tiborga tortgan holat shu bo'ldiki, guruh yigitlari "Okopello" yo'nalishida "Aynanan Feruza" qo'shig'ini ijro etishgani bo'ldi. Shu o'rinda "Okopello" yo'nalishiga izoh berib ketsam. Bu yo'nalishda ijrochilari faqat tovush orqali ham musiqa ham qo’shiqning so'zlarini ijro etishadi. Hech qanday musiqiy asbob yoki fonogramma ishlatilmaydi. Lekin sizga onsonday tuyulishi mumkin. Ijro qilayotgan paytda ijrochilar bir-birlarini chuqur qalban his qilishlari talab qilinadi. Shundan so'ng "Nihol" mukofoti sovrindori yosh xonanda Dilshod Ali o'zining qish fasliga mo'ljallangan "Yog'ar qor" taronasini muxlislarga armug'on etdi. Konsert dasturining mehmoni sifatida 2007 yilda "Nihol" mukofoti sovrindori, shuningdek "M&TVA 2007 Awards" taqdimot marosimida "Yilning eng yaxshi xonandasi" va "Yilning eng yaxshi klipi" nominatsiyalarida g'oliblikni qo'lga kiritgan xonanda Ulug'bek Rahmatullaev bo'ldi. U o'zining hit darajasiga ko'tarilgan "Salom va hayr" taronasi bilan ishtirok etdi.
Konsert tashkilotchilari sahna dekoratsiyalari va yoritish tizimiga juda katta ahamiyat berishganligi shundoq ko'rinib turardi. Sahna bezaklarida milliylikka ko'proq e'tibor qaratilganligi tahsinga loyiq. Ushbu konsert dasturi yangi yil arafasida TV kanallari orqali namoyish qilinadi. Hozircha esa faqat fotosuratlarni tomosha qilishingiz mumkin.
P.S.: Ushbu maqolani tayyorlashda "O'zbegim yoshlari" guruhining rahbari Lutfiya Ro'ziboeva va guruh a'zosi Dilshod Aliga o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz.